YANGIER SHAHRIDA YANGI YO‘NALISH TASHhKIL ETILIB, AVTOBUS QATNOVI YO‘LGA QO‘YILDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 29 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa yollagan Murojaatnomasida «Hududlarning rivojlanishi uchun muhim omillardan biri bu – ularning o‘rtasida transport aloqasini ta’minlashdir. Qisqa qilib aytganda, barcha aholi punktlaridan poytaxtimizga, eng yirik shaharlar va turistik markazlarga tezda kelib-ketish imkoniyatini beradigan, o‘zaro bog‘langan transport tarmog‘ini yaratishimiz lozim», - deb aytib o‘tgandi.
Tumanlar va shaharlarda aholi punktlariga jamoat transporti harakati va ularning aholi uchun qulayligini yaratish doirasida manzilli ishlar tashkil etilgan bo‘lib, ushbu hududlarda yangi yo‘nalishlarni ochish, mavjudlarini qayta ko‘rib chiqish, oraliq avtobus bekatlarini rekonstruksiya qilish va qayta qurishga xususiy sektor jalb qilingan.
Sirdaryo viloyati trnansport boshqarmasi tomonidan olis va chekka hududlarida transport qatnovini yo‘lga qo‘yish, qishloqlarni tuman markazlari, tuman markazlarini esa shahar markazlari bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarda jamoat transporti qatnovi tashkil etilib, xalqqa xizmat qilmoqda.
Shulardan:
Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent” mahallasidan tuman markazi orqali Guliston shahriga bog‘laydigan yo‘nalishda “Sirdaryo xalq karvoni” MChJ ga qarashli yo‘nalishli taksi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
Guliston tumanidagi Baxmal, Oqoltin, Tajribakor, X.Olimjon MFYlari aholisiga transport xizmatlari tashkil etish uchun “Sherzod Trans” MChJ tomonidan 3 dona “Gaz” rusumli mikroavtobuslar “Guliston – Oltin o‘rda” shahar atrofi yo‘nalishiga biriktirilib, tumandagi aholi punktlari jamoat transporti bilan qamrab olingan.
“Mirkomil Baraka Trans” MChJ tomonidan Sayhunobod tumanidagi Paymart, Farovon, Do‘stlik MFY larga tuman markaziga borib kelishlari uchun bir donadan avtobus qo‘yilgan.
Yangier shahrida esa yangi yo‘nalish tashkil etildi. T.Malik MFY orqali Shahar Markiziy shifoxonasi bilan bog‘laydigan yo‘nalishda “Trans Imkon Servis” MChJ ga tegishli 2 dona avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
“Xalqqa xizmat-oliy himmat”, deb bejizga aytishmaydi. Bugungi kunda aholining transportga bo‘lgan ehtiyoji ortmoqda. Shu sababli, ularga sifatli, hamyonbop narxlarda xizmat ko‘rsatish, manzillariga sog‘-omon yetkazish eng muhim vazifalarimizdan biridir.
Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi matbuot xizmati