Xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshirish tartibiga tegishli ayrim o‘zgartirishlar kiritildi

Chop etish Sahifani ulashish
24.08.2026 88 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2026-yil 10-avgustdagi 02-05/12-10006-son xatiga muvofiq, Rossiya Federatsiyasi hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar hududlariga xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshirish tartibiga tegishli ayrim o‘zgartirishlar joriy etilgan.
Jumladan, 2026-yil 31-iyuldan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida tashuvlarni kuzatish uchun navigatsiya plombalarini qo‘llash to‘g‘risidagi 2022-yil 19-apreldagi Bitimni amaliy tatbiq etishning ikkinchi bosqichi boshlangan. Unga muvofiq, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi tomonidan belgilanadigan istisnolarni hisobga olgan holda, bojxona tranziti tartib-taomili asosida avtomobil transportida tashilayotgan barcha toifadagi tovarlarni navigatsiya plombalari orqali kuzatish nazarda tutilgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentyabrdan Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2021-yil 29-iyundagi 1052-son qaroriga kiritilgan oʻzgartishlarga muvofiq, transport vositalarining umumiy foydalanishdagi pullik avtomobil yoʻllari va ularning pullik uchastkalaridan foydalanganlik uchun toʻlovlarni amalga oshirganligi bojxona organlari tomonidan axborot tizimlari orqali tekshirilishi belgilanganligi maʼlum qilingan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Rossiya Federatsiyasi hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar hududlariga xalqaro avtomobil tashuvlarini amalga oshiruvchi Sirdaryo viloyatidagi tashuvchilar bojxona tranziti tartib-taomili asosida korxonangizga qarashli yuk avtomobillarida tashilayotgan barcha toifadagi tovarlarni navigatsiya plombalari orqali kuzatishni yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rishingiz va transport vositalarining umumiy foydalanishdagi pullik avtomobil yoʻllari va ularning pullik uchastkalaridan foydalanganlik uchun toʻlovlarni amalga oshirgan holda harakatlanishingiz so‘raladi.