Transport infratuzilmasi ob’ektlari xavfsizligi ta’minlanadi

Chop etish Sahifani ulashish
03.03.2021 15 Yangiliklar

Transport infratuzilmasi ob’ektlari xavfsizligi ta’minlanadi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqmoqda.

Dastlab, “Transport to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama etildi. 

Qonun loyihasining maqsadi — avtomobil, havo, suv va temir yo‘l hamda shahar yo‘lovchi transporti faoliyati va hamkorligining huquqiy, iqtisodiy, tashkiliy asoslarini belgilashga qaratilgan. 

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ayrim havolaki normalar chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi. Xususan, qonun loyihasiga umumiy o‘nga yaqin to‘ldirish qilindi. Loyihaning asosiy tushunchalarga oid moddasi qaytadan ko‘rib chiqildi hamda “aralash tashish” tushunchasi Fuqarolik kodeksiga muvofiqlashtirildi. 

Loyiha transport tashkilotlarining jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulki xavfsizligini, transport infratuzilmasi ob’ektlaridan foydalanish xavfsizligini ta’minlashi shartligi to‘g‘risidagi qism bilan to‘ldirildi.

Transport infratuzilmasi ob’ektlariga yo‘lovchilar, yuk jo‘natuvchilar, yuk qabul qiluvchilar, tashuvchilar va transport jarayonining boshqa ishtirokchilariga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, transport vositalarining ishlashini ta’minlash uchun mo‘ljallangan tuzilmalar, ishlab chiqarish va texnologik komplekslar kiradi. 

Qonun loyihasi bilan kiritilayotgan cheklovlar ishlarning real holatini hisobga olmasligi va foydalanilmayotgan binolar ijaraga berilishini taqiqlagani sababli tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari buzilishiga, shu bilan birga, transport infratuzilmasi ob’ektlari hududida joylashgan savdo shoxobchalari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari yopilishiga, avtomobil yo‘llar bo‘ylab reklamalar joylashtirilishida cheklovlarga olib kelishi mumkin. 

Shu munosabat bilan qonun loyihasida transport infratuzilmasi ob’ektlarining ishlashi va xavfsizligi ta’minlanishiga to‘sqinlik qiladigan iqtisodiy va boshqa faoliyatni amalga oshirishga hamda transport xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmasligi yangi tahrirda bayon qilindi. 

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilindi hamda Senatga yuboriladigan bo‘ldi.