O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7-mayda “Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyatini tartibga solishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-5108-sonli qarorining mazmun-mohiyati bo‘yicha Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida OAV xodimlari, jurnalist va bloger hamda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbikorlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumandan o‘tkazishdan maqsad qaror ijrosini ta’minlash, keng jamoatchilik orasida targ‘ibot ishlarini olib borish va aholiga tushunarli va sodda tilda yetkazishdan iborat.
Qarorning mazmun-mohiyati bo‘yicha Transport boshqarmasi boshlig‘i O. Erbekov anjuman ishtirokchilariga mazkur qaror eksperiment tarzida 2021 yil 15 maydan boshlab 2022 yil 31 dekabrgacha muddatga yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta o‘rindiqli yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilganligi, ya’ni yo‘lovchilarni haydovchidan tashqari to‘rttadan ortiq bo‘lmagan o‘rindiqlarga ega bo‘lgan yengil avtotransportlarda tashish yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilganligini aytib o‘tdi. Ilgari faqatgina yuridik shaxslar yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lgan bo‘lsa, hozirda yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, jismoniy shaxslar o‘ziga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasi bilan ushbu faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi. Haydovchilarga mazkur qarorga asosan yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatish uchun berilgan imtiyozlar va talablar to‘g‘risida tushuntirishlar berilib, o‘tkazilyotgan targ‘ibot tadbirlari to‘g‘risida tushuntirib o‘tdi.

Litsenziyalash sho‘basi boshlig‘i M. Abduvaliev mazkur qaror e’lon qilingan kundan keyin o‘tgan vaqt davomida boshqarma tomonidan 17 nafar belgilangan tartibda yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yhatidan o‘tgan fuqarolarga litsenziya/litsenziya varaqalari rasmiylashtirilib berildi.
Bundan tashqari, yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat yuritib kelyotgan yuridik shaxslar tarkibiga kirgan holda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan 98 nafar fuqarolarga tegishli ruxsatnomalar berilgani haqida ma’lumot berdi.
Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi Avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i X. Sayfutdinov Avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta’minlashni nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan ish faoliyatlari davomida aholi ko‘p to‘planadigan joylarda, bosh va oxirgi bekatlarda, avtostansiya va avtoturargohlarda targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilyotganini ta’kidlab o‘tdi.

Matbuot anjumani ochik muloqot tarzida o‘tkazilib, jurnalistlar va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar mazkur qaror yuzasidan va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishib va takliflarini berib o‘tdi.
Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi matbuot xizmati
Сирдарё вилояти транспорт бошқармаси матбуот хизмати