Rasmiy munosabat


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Avtobusda yo‘lkira uchun karta orqali to‘lash imkoniyati yo‘q. Shu bois, karta bilan 2000 so‘m to‘lash o‘rniga, avtobus yo‘lovchilari 3000 so‘m naqd pul to‘lashga majbur bo‘lishmoqda. Bu naqd pulga o‘tkazilish tarifning oshishiga olib kelmoqda” mazmunidagi xabarga rasmiy munosabat.
Yuqoridagi holatga aniqlik kiritish maqsadida Sirdaryo viloyat transport boshqarmasi mas’ul xodimlar tomonidan zudlik bilan o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida “Trans-Imkon-Servis” MChJga qarashli bo‘lgan davlat raqami 20 661 SAA bo‘lgan Zhong Tong rusumli avtobus haydovchisi Aziz Taniqulov “Do‘stlik qo‘rg‘oni – Temir yo‘l bekati” yo‘nalishida aholiga xizmat ko‘rsatish vaqtida elektron to‘lov operatori “ATTO” qurilmasini o‘zboshimchalik bilan berkitib, yo‘lovchilardan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun naqd pulda yo‘lkira to‘lovini amalga oshirishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan “Trans-Imkon-Servis” MChJ rahbariyati tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, haydovchi A.Taniqulov haydovchilar safidan chetlashtirilib, ishdan bo‘shatilgan.
Ushbu holat kelgusida boshqa haydovchilar tomonidan qayta takrorlanmasligi yuzasidan korxona rahbari U.Safarov haydovchilar o‘rtasida keng targ‘ibot olib borilishi hamda yo‘riqnomalar berilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi to‘g‘risida korxona rahbaridan kafolat xatlari olindi.
Sirdaryo viloyat transport boshqarmasi Jamoat transporti xizmati sifatini oshirish maqsadida barcha OAV vakillari hamda fuqarolar tomonidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va hamkorlikda ishlashga chaqiradi.
Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati
@sirdaryomintrans| sirdaryo.mintrans.uz