O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Chop etish Sahifani ulashish
22.10.2021 5 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori Hududlarda jamoat transporti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida» 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, hududlarda aholiga jamoat transportida xizmat ko‘rsatish sohasini yanada yaxshilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilar:

2017 — 2021 yillar davomida 2 095 ta yangi avtobus xarid qilinganligi, shuningdek, 430 ta avtobus yo‘nalishlari ochilganligi;

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan Qurilish vazirligi bilan birgalikda viloyatlar, shahar va tuman markazlaridagi avtobus bekatlarining namunaviy loyihalari ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

  1. 2021-2022 yillarda qishloqni tuman markazi bilan, tuman markazini viloyat markazi bilan bog‘laydigan yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etishning maqsadli parametrlari (keyingi o‘rinlarda — maqsadli parametrlar) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, maqsadli parametrlarga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.

  1. Maqsadli parametrlarning belgilangan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq hajmda amalga oshirilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari shaxsiy javobgar etib belgilab qo‘yilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi har chorak yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni umumlashtirgan holda maqsadli parametrlarning amalga oshirilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritib borsin.

  1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

tijorat asosida yo‘lovchilar tashish xizmatini ko‘rsatadigan va bunga maxsus ruxsatnomasi (litsenziyasi) bo‘lgan yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda — tashuvchilar) tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yo‘nalishida ko‘riladigan zarar mikdori 30 foizgacha (30 foiz ham shu jumlaga kiradi) bo‘lgan yo‘nalish norentabel avtobus yo‘nalishi bo‘lib hisobga olinadi, Toshkent shahri bundan mustasno;

norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlar 2021 yilda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan, 2022 yildan boshlab — zarur mablag‘larni Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti va viloyatlar mahalliy budjetlari parametrlarida nazarda tutgan holda har oy yakuni bo‘yicha subsidiya ajratish yo‘li bilan qoplanadi;

tashuvchilarga norentabel yo‘nalishlar bo‘yicha subsidiya ajratish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari xuzurida tashkil etiladigan tashuvchilar tomonidan shahar atrofi va viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlarni qoplash bo‘yicha hududiy komissiyalarning (keyingi o‘rinlarda — hududiy komissiya) qarorlari asosida amalga oshiriladi.

  1. Tashuvchilar tomonidan shahar atrofi va viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yo‘nalishlaridan ko‘riladigan zararlarni qoplash bo‘yicha hududiy komissiyalarning namunaviy tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. Belgilansinki, hududiy komissiya har oyning 5 sanasiga qadar norentabel avtobus yo‘nalishlari bo‘yicha hududiy transport bo‘linmalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tashuvchilarga ular tomonidan shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo avtobus yo‘nalishida 30 foizgacha (30 foiz ham shu jumlaga kiradi) miqdorda ko‘rilgan zararni subsidiya ajratish yo‘li bilan qoplab berish, agar ko‘rilgan zarar miqdori 30 foizdan oshgan taqdirda subsidiya ajratishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:

aholi soni, zichligi, bozorlar va ijtimoiy soha ob’ektlari joylashishi hamda yo‘lovchi tashish tarifidan kelib chiqqan holda shahar atrofi yoki viloyat ichidagi shaharlararo norentabel avtobus yo‘nalishlari reestrini shakllantirib borsin;

hududiy transport bo‘linmalari tomonidan har oyning 25 sanasiga qadar norentabel avtobus yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rilgan zarar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hududiy komissiyalarga kiritib borilishini ta’minlasin.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi «O‘zavtosanoat» AJ bilan birgalikda:

uch oy muddatda 2022 — 2024 yillarda tashuvchilarning harakat tarkibini avtobus va mikroavtobuslar xarid qilish orqali yangilash parametrlarini (keyingi o‘rinlarda-Yangilash parametrlari) ishlab chiqsin;

Yangilash parametrlari doirasida xarid qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar turlari (modellari) va soni bo‘yicha tasdiqlangan reja-jadval asosida tashuvchilarga yetkazib berilishini ta’minlasin.

  1. Tijorat banklariga xududlardagi tashuvchilarga avtobus va mikroavtobuslar xaridini moliyalapggirish uchun maqbul shartlarda hamda Uzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasidan 1,5 baravaridan oshmagan foizda kreditlar ajratish tavsiya etilsin.
  2. Belgilab qo‘yilsinki, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan:

tijorat banklarining Yangilash parametrlari doirasida avtobus va mikroavtobuslar xaridi uchun ajratiladigan kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham shu jumlaga kiradi), biroq 8,0 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda kafillik beriladi;

Yangilash parametrlari doirasida xarid qilinadigan avtobus va mikroavtobuslar (xarid turidan qat’i nazar) bo‘yicha tijorat banklari tomonidan tashuvchilarga ajratilgan kredit foiz stavkasining 5 foizli punktdan ortiq bo‘lmagan qismi qoplab beriladi.

  1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Transport vazirligining talabnomasiga muvofiq 2021 yilda — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ko‘shimcha manbalari hisobidan, 2022 yildan boshlab — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan mazkur qarorning 10-bandida nazarda tutilgan maqsadlar uchun mablaglarni Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamgarmasiga ajratilishini ta’minlasin.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi:

Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etilganligini inobatga olib, yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan hamda haydovchidan tashqari sakkiz va undan ortiq o‘rindiqlarga ega bo‘lgan transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda yoki mahalliy ishlab chiqaruvchidan xarid qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish yoki ushbu soliqning o‘rnini qoplash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika bo‘yicha barcha avtobus bekatlarini xatlovdan o‘tkazgan holda yangi quriladigan bekatlar dislokatsiyasini;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda tadbirkorlik ob’ektlarini ochish uchun tadbirkorlik sub’ektlariga avtobus bekatlarini «E-AUKSION» elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion orqali ajratish tartibi va avtobus bekatlariga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlasin.

  1. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV