So‘nggi yillarda buyuk mutafakkir, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tamonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2020 yil 19 oktabrda qabul qilingan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PQ-4865-sonli qarori qabul qilindi. Shuningdek, buyuk g‘azalnavis shoir, davlat arbobi Z. M. Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan ham joriy yilning 12 fevral kuni Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Guliston Davlat Universiteti Adabiyotshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Mahbuba Qarshieva va transport boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.


Guliston Davlat Universiteti Adabiyotshunoslik kafedrasi o‘qituvchisi Mahbuba Qarshieva so‘zga chiqib, Navoiy - o‘zbek halqining ulug‘ shoiri va buyuk mutaffakiri bo‘lib, uning nomini dunyoning eng mashhur shoirlari qatorida tilga olinishini, butun ijodiy faoliyati insoniyatning baxti uchun kurashishiga, halqning osoyishtaligi, obodonchilik ishlari, san’at hamda adabiyot taraqqiyotiga bag‘ishlagani haqida tushuntirib o‘tdi.
“Erur ko‘ngulda safo ishq toza dog‘i bila,
Nechunki ko‘zda yorug‘liq erur qarog‘i bila.”
“Ishqning dog‘i — dardu alami, asorati, yarasi tozarishidan ko‘ngilda shodlik, surur va ravshanlik paydo bo‘ldi. Zotan, bunga ajablanmaslik kerak, chunki ko‘zning qorachig‘i ravshanligi uning qorachug‘idan. Baytning mazmuni shu. Ajoyib tashbih: ko‘z gavhari qora, ammo ko‘rishning quvvati, yorug‘lik o‘shandan, demak, ishq ko‘ngilga dardu dog‘ solsa-da, lekin ko‘ngil ko‘zini ravshanlashtiradi, olamni musaffo nigoh bilan idrok etishga chirog‘i hidoyat bo‘ladi. Navoiy shu tashbih orqali tazod san’atining favqulodda yangi bir ko‘rinishini kashf etganligini”, adabiyotshunos olim Najmiddin Komilov sharhida anglishimiz mumkin.
Tadbirda transport boshqarmasi xodimlari ham o‘z faolliklarini ko‘rsatdi. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning g‘azallarini yod olib, o‘z fikr mulohazalarini bildirishdi.


“Navoiyning har bir asarida uning o‘z millatiga buyuk muhabbati va faxr tuyg‘usi barq urib turgan. Shuning uchun ham butun dunyoda uning asarlari bugungi kungacha sevib o‘qiladi. Navoiyni anglash – o‘zlikni anglash demakdir. Navoiy asarlari mazmun-mohiyatini tashkil etgan ishqni mukammal tushunish uchun uning asarlarini to‘liq o‘qish kerak. Shoirning asarlari tizimli adabiy olam. Undagi bir masalani tushunish uchun ikkinchisiga murojaat qilish va uchinchisidan asosli sharh topish mumkin”, - dedi Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i Oybek Erbekov.


Darhaqiqat, Navoiyning asarlari tarbiyaviy ahamiyatga ega. Chunki shaxs sifatida shakllangan inson o‘z fikriga ega bo‘ladi. Har bir voqea-hodisaga o‘z munosabatini bildiradi. Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi. Navoyni anglashimiz uchun uni har doim o‘qishimiz darkor.
Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi matbuot xizmati