MUROJAATGA JAVOB!

“Ishonch” gazetasining 53 sonida “Vokzal loyihasi qachon amalga oshadi?” nomli sarlvhasi ostida chiqqan murojaatga Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 28 apreldagi “Iqtisodiyotda xususiy mulkning ulushi va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2340-sonli qarorining 2-ilovasiga muvofiq “Guliston avtoshoxbekati” MChJning nizom jamg‘armasidagi 94,4 foiz davlat ulushi ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan.
Shunga ko‘ra, “Davlat aktivlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish (ommaviy oferta) savdosi o‘tkazish bo‘yicha komissiyasi”ning 12.10.2016 yildagi yig‘ilish bayoniga asosan “Sirdaryo Avto Shoxbekat Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati oferta savdosi g‘olibi deb topilib, “Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Sirdaryo viloyat xududiy boshqarmasi” va “Sirdaryo Avto Shoxbekat Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida hamda “Gulistonavtoshoxbekati” MChJ o‘rtasida 94,4 foiz davlat ulushini sotib olish va qo‘shimcha investitsiya kiritish yuzasidan 2016 yil 28 oktabrda 248/2016-sonli oldi-sotdi shartnomasi imzolangan.
Mazkur shartnomaga asosan “Sirdaryo Avto Shoxbekat Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Ulush” uchun 855 736 100 (sakkiz yuz ellik besh million yetti yuz o‘ttiz olti ming yuz ) so‘m miqdordagi sotib olish to‘lovlarini to‘lash, shuningdek, 2 yil muddatda 400 000 000 so‘m investitsiya kiritish, “Guliston avtoshoxbekati”ni zamonaviy ko‘rinishda ta’mirlagan holda faoliyat turini saqlashi hamda hududida 50 o‘rinli kafe bar, 350 o‘rinli to‘yxona va 100 o‘rinli umumiy ovqatlanish choyxonasini tashkil etishi natijasida 4 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Sirdaryo viloyat xududiy boshqarmasi 2016 yil 28 oktabrda tuzilgan 248/2016-sonli oldi-sotdi shartnomasini shartnoma shartlarining o‘z vaqtida bajarilmaganligi sababli bir tomonlama bekor qilish yuzasidan sudga murojaat qilib, 2018 yil 6 sentabrda sud qarori bilan oldi-sotdi shartnomasi bekor qilingan.
2019 yilning boshlarida O‘zbekiston Respublikasi avtomobil transporti agentligi va “Texsis loyiha” MChJ tomonidan avtostansiyani rekonstruksiya qilish yuzasidan loyiha ishlab chiqilgan edi.
Xaridor “Sirdaryo Avto Shoxbekat Trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘zaro tuzilgan shartnomani o‘z kuchida qoldirish to‘g‘risida viloyat iqtisodiy sudiga kassatsiya shikoyati kiritilgan bo‘lib, to‘lov muddatlarini uzaytirib berish so‘ralgan.
2019 yil 1 aprel holatiga xaridor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar to‘liq to‘lanib, shartnoma shartlari bajarilgan.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi avtomobil transporti agentligi va “Texsis loyiha” MChJ tomonidan avtostansiyani rekonstruksiya qilish yuzasidan loyiha asosida boshlangan rekonstruksiya ishlari to‘htatilgan.
Bugungi kunga qadar, Sirdaryo viloyat transport boshqarmasi tomonidan avtostansiyani rekonstruksiya qilish yuzasidan xaridorga bir necha bor murojaatlar qilinib, ko‘rsatmalar berilgan.
Avtostansiya binosidagi eski pasporti avtostansiya mutasaddilarining e’tiborsizligi sababli qolib ketgan, ya’ni olib tashlanmagan.
Sirdaryo viloyat transport boshqarmasi matbuot xizmati