Guliston shahrida 2025-yilda qurilgan 18 dona zamonaviy va qulay bo‘lgan avtobus bekatlari to‘g‘risida

Chop etish Sahifani ulashish
10.11.2025 134 Yangiliklar

Guliston shahrida 2025-yilda qurilgan 18 dona zamonaviy va qulay bo‘lgan avtobus bekatlari to‘g‘risida

So‘nggi yillarda Guliston shahrida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga yanada qulay va xavfsiz sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda shaharda 18 dona yangi avlod avtobus bekatlari qurilib, foydalanishga topshirildi.

Mazkur 18 dona bekatlarning qulayliklari quyidagilardan iborat:

- Energiya tejamkorlik va ekologik yondashuv.

Yangi bekatlar quyosh panellari bilan jihozlangan bo‘lib, ular elektr energiyasini mustaqil ishlab chiqaradi. Bu esa energiya tejamkorligini ta’minlash bilan birga, ekologik toza yechim hisoblanadi. Quyosh panellari yordamida bekatlarda yoritish, monitor va video kuzatuv tizimlari uzluksiz ishlash imkniyatiga ega.

- Axborot texnologiyalari bilan boyitilgan.

Har bir bekatga zamonaviy elektron monitorlar o‘rnatilib, ular orqali avtobuslarning kelish vaqti, yo‘nalishlar hamda boshqa muhim ma’lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish mumkin. Bu esa yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratadi hamda jamoat transportidan foydalanishni samarali qiladi.

- Xavfsizlikning yangi darajasi.

Bekatlar 24/7 video kuzatuv tizimlari bilan ta’minlangan. Ushbu tizim yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash, tartib-intizomni nazorat qilish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

- Qulaylik va inklyuzivlik.

Yangi bekatlarda tungi vaqtda yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida energiya tejamkor yoritish chiroqlari o‘rnatilgan. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun taktil qoplamalar va maxsus panduslar o‘rnatilgan bo‘lib, barcha qatlam vakillari uchun teng imkoniyat yaratilgan.

 

- Kelajak sari qadam.

Mazkur loyiha Guliston shahrining “aqlli shahar” konsepsiyasi asosida amalga oshirilmoqda. Zamonaviy bekatlar nafaqat shahar ko‘rkini oshiradi, balki transport xizmatlarining xavfsizligi va qulayligini ham sezilarli darajada yuksaltiradi.

Bundan tashqari yil yakuniga qadar Guliston shahrida yana 14 ta bekat qurilib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

 

Ushbu maqola Sirdaryo viloyat transport boshqarmasi Transport tashuvlarini muvofiqlashtirish bo`limi bosh mutaxassisi I.Turg`unov tomonidan "Yangi Sirdaryo" gazetasiga bosib chiqarish uchun taqdim etildi.

 

 Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati