Viloyatdagi jamoat transporti yetib bormagan chekka hududlar o`rganildi


Sirdaryo viloyatida 224 mahalla bo`lib, shundan 24 tasi eng chekka hududlarida joylashganligi sababli jamoat transporti bilan bog'liq muammolar bor. Muammolarni joylarga borib o`rganish, aholiga ushbu sohada ko`rsatilyotgan xizmatlar holati bilan tanishish va transport sohasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan Transport vaziri o'rinbosari Rahmonbek Usmonov boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo tumani va Sayhunobod tumanida bo`ldi.
O`rganilish davomida Sayhunobod tumani Farovon MFY va Sirdaryo tumani Baxmal MFY dagi jamoat transporti qatnovi va xizmat sifatini oshirish, yangi avtobus yo`nalishlarini tashkil qilish hamda aholiga qulayliklar yaratish kun tartibidagi birinchi masala bo`ldi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 29 dekabr kuni Oliy Majlis va xalqqa yo`llagan Murojaatnomasida "Hududlarning rivojlanishi uchun muhim omillardan biri bu – ularning o‘rtasida transport aloqasini ta’minlashdir. Qisqa qilib aytganda, barcha aholi punktlaridan poytaxtimizga, eng yirik shaharlar va turistik markazlarga tezda kelib-ketish imkoniyatini beradigan, o‘zaro bog‘langan transport tarmog‘ini yaratishimiz lozim", - deb aytib o`tgandi.
Shu boisdan ham, Tranport vaziri o`rinbosari Rahmonbek Usmonov boshchiligidagi ishchi guruh avtokorxona rahbarlari bilan uchrashuv o`tkazib, kerakli ko`rsatmalar berib o`tdi. Uchrashuv davomida avtokorxona rahbarlarining takliflari tinglanib, hududlarning jamoat transporti qatnovini yo`lga qo`yish, xizmat sifatini oshirish kabi choralar ko'rilishiga kelishildi.