Onlayn murojaatlar ham eʼtiborda

Sirdaryo viloyati Transport boshqarmasi rahbariyatiga ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn murojaatlar ham kelib tushmoqda. Xususan, Sirdaryo tumani aholisidan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatuvchi yo‘nalishsiz taksi vositalarida yo‘l kira narxi sunʼiy ravishda oshirilganligi haqida kelib tushgan murojaat boshqarma rahbariyati tuzgan ishchi guruh tomonidan tezkorlik bilan o‘rganilib chiqildi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagaj tashish qoidalarini hamda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish xavfsizligini taʼminlashga doir talablarni tasdiqlash haqida”gi 482-son qarorining I ilovasi VII bob, 2 paragrafi 99 bandiga asosan "Yo‘nalishsiz taksilarning yo‘lovchilarni tashish va bagajni tashish tariflari miqdori" tashuvchi tomonidan belgilanadi.
Sirdaryo viloyati Transport boshqarmasi aholiga yo‘nalishsiz taksilarda transport xizmati ko‘rsatuvchi barcha turdagi tashuvchilarni yo‘l kira narxining barqarorligini saqlashga, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishga chaqiradi.
Sirdaryo viloyati Transport boshqarmasi Axborot xizmati